TTA DAVOLASH FAKULTETINING 1-SON FAKULTET VA GOSPITAL TERAPIYA, KASB PATOLOGIYASI KAFEDRASINING “DUNYO UZRA JARANGLAYOTGAN TIL” 21-OKTYABR O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING “DAVLAT TILI TO‘GʼRISIDAGI” qonun qabul qilingan kuniga bagʼishlangan tadbir o’tkazildi.
Tadbirni kafedra mudiri Nabiyeva D.A. ochib berdilar. Keyin so‘z kafedra dotsentlari Sultanova M.X., Bekenova G.T. va assistent Berdiyeva D.U.ga berildi va ular ona tilimiz, uning kelib chiqish tarixi, davlat tili to‘g’risidagi qonun haqida so‘zlab o‘tdilar.
Til har bir millatning eng aziz boyligi, uning ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita sanaladi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinayi hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdur” degan hikmatli so‘zlari ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. Xaqlqimizning bebeho boyligi bo‘lgan o‘zbek tili dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lib, xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Prezidentimiz o‘z nutqlaridan birida “Ulug‘ alloma, XX asr boshida olti tilli – o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug‘at tuzgan Ishoqxon Ibratning mana bu hikmatli so‘zlarini eslatgan edilar: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga “Davlat tili” maqomining berilishi o‘zbek tili taraqqiyoti uchun tub burilish yasadi. Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan qonunni qabul qilinishida Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘anievich Karimovning siyosiy irodasi katta o‘rin tutdi.
Mustaqillik yillarida o‘zbek tilining qadri yana baland bo‘ldi. Davlatimiz mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga e’lon qilindi; mamlakatimizning Asosiy qonuni – Konstitutsiyamiz o‘zbek tilida yaratildi, yurtimiz bo‘ylab va xalqaro maydonlarda Davlat madhiyamiz ona tilimizda yangramoqda.
Shuningdek, 1990-yili Vazirlar Mahkamasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori, 1993-yilda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun, 1995-yili “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahriri, 1996-yili ushbu qonunni amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasining qarori va shu kabi boshqa hujjatlar qabul qilingani bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
Hozirgi kunda o‘zbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda faol qo‘llanmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda. Davlatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlar o‘zbek tili ravnaqiga bevosita xizmat qilmoqda. Yuzlab bog‘chalar, maktablar, oliy o‘quv yurtlari, yangi gazeta va jurnallar, tele-radio kanallar, nashriyotlar, madaniy-ma’rifiy muassasalar, kutubxonalar ona tilimizda faoliyat yuritmoqda. “Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga oʻz soʻzini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar”, degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kunning 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida.
Alisher Navoiy hazratlari “Tilga eʼtiborsiz, elga eʼtiborsiz”, deya bejiz taʼkidlamagan. Ona tilini sevmagan, uning qadrini anglamagan inson yuragida el-yurtga boʻlgan muhabbat ham boʻlmaydi. Biz tilimizni asrash va uni rivojlantirish uchun qanchalik harakat qilsak, uning dunyo hamjamiyati maydonidagi nufuzi va poydevori ham shunchalik mustahkamlanib boradi. Tadbir barcha talabalarda o‘zgacha ta’surotlar qoldirdi.
Kafedra mudiri, t.f.d., professor: Nabiyeva D.A.
Ustoz – shogird ishlari bo‘yicha masʼul: Ganiyeva N.A