Toshkent tibbiyot akademiyasi Davolash fakulteti 1-son fakultet va gospital terapiya, kasb patologiyasi kafedrasining “Osteoartroz va semizlik – bo‘g‘im kushandasi” mavzusiga bag‘ishlab Olmazor tumani “Guruchariq” mahallasida tadbir o’tkazildi.

Tadbirni mahalla raisi M.S.Xudoyberganov ochib berdilar va so‘zni kafedra mudiri D.A.Nabiyevaga berildi. Ular bu kasalliklarni jamiyatimizda ortib borayotgani, ularni kelib chiqish sabablari, osteoartrozning ilk belgilari qaysilar, kasallik rivojlanish bosqichida qanday alomatlar bilan namoyon boʻladi, bu paytda bemorlar nimalarga eʼtibor qaratishlari zarurligi haqida to‘liq ma’lumot berib o‘tdilar.

So‘ngra so‘z Saydullayev  A.N. va Kuchkarov B.A. ga berildi, ular bunday tadbirlar ko‘plab o‘tkazilishi lozimligini, buning natijasida aholining bilim darajasini ortishi, kasallikni erta aniqlanishiga va davolashning samarali ta’sir qilishi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tishdi.

So‘ngra so‘z kafedra professor va o‘qituvchilariga berildi. Ular osteoartroz odatda asta-sekin rivojlanadi va bir boʻgʻimning shikastlanishi bilan boshlanishi, ammo maʼlum vaqt oʻtib, xasta boʻgʻimlar soni ortishi.

Osteoartrozning ilk alomatlaridan biri — ogʻriq ekanligini, u yurganda, egilganda, oʻtirganda va boshqa holatlarda yuzaga keladi. Misol uchun, bemor uzoq vaqt davomida oʻtirgach, oʻrnidan qoʻzgʻalib yurmoqchi boʻlsa, tizza yoki tos-son, yaʼni yuklama tushadigan boʻgʻimlarida ogʻriq sezadi.  Soʻng uch-toʻrt qadam tashlagach, ahvoli yengillashib, odatdagiday harakatlanishda davom etadi. Biroq kechki mahal yana shu boʻgʻimlarida ogʻriq turadi. Yaʼni bemor kun davomida qancha koʻp yursa, harakatlansa, jismoniy mashgʻulot bilan shugʻullansa yoki tik oyoqda tursa, bezovtalik shuncha kuchayadi.

Oʻtirib-turish yoki egilish paytida qarsillash eshitiladi. Bemor salga charchab qoladi, harakati cheklanadi, boʻgʻimlar shakli oʻzgaradi va ayrim hollarda biroz shishishi kuzatiladi. Asta-sekin xastalik rivojlana boradi. Bunda har qanday harakat chidab boʻlmas darajada kuchli ogʻriqni keltirib chiqara boshlaydi. Shu tufayli yurish butunlay qiyinlashadi. Bemor bora-bora oʻrnidan turib, qadam bosolmay qoladi. Kasallikning kokartroz turida tos-chanoq boʻgʻimi shikastlanadi. Kasallik endi boshlanib kelayotganda kechqurunlari bemorning chov sohasida ogʻriq turadi. Bemor ogʻriqdan bezovtalanib, tuni bilan son-chanoq boʻgʻimini bukib-yozadi, ayniqsa, kasallangan tomoni bilan yotolmay qiynaladi. Vaqt oʻtgan sari son boʻgʻimining boʻshligʻi toraya boradi, son suyagi boshchasida qoʻshimcha suyaklar oʻsadi, shu tufayli harakat cheklanadi. Boʻgʻimlarda ogʻriq turishiga nafaqat suyaklarning ishqalanishi, balki qon aylanishi yetishmovchiligi va kislorod tanqisligi natijasida gipoksiya yuzaga kelishi ham sabab boʻlishi haqida to‘xtalib o‘tishdi. Bundan tashqari, hozirgi davrda Osteoartroz kasalligini kelib chiqishida asosiy o‘rinlarni egallab kelayotgan ortiqcha tana vazni ya’ni, semizlik haqida ham aytib o‘tildi. To‘qimalar va organlarda ortiqcha yog‘ borligi semizlik deyiladi. Bu kasallik tana vazni normadan 20 foiz va undan ko‘pga oshib ketishi bilan namoyon bo‘ladi. Eng keng tarqalgan sababi – ortiqcha ovqat iste’mol qilish tufayli ovqatlanish xulq-atvori buzilganligi bo‘ladi. Organizmga kirib kelgan kaloriyalar kundalik jismoniy faoliyat jarayonida yoqilib ketadi, yonmagan kaloriyalar esa ko‘pincha yog‘ to‘qimalarida saqlanadi. Bundan tashqari, semirib ketishning bir necha sabablari bor: kam harakatli hayot tarzi, antidepressantlar va gormonlar ichish, jismoniy ahvoli (homiladorlik, emizish, jismoniy salohiyat kamayishi), genetik moyillik. Tadbir davomida bu ikkala kasallikni oldini olish, davolashning zamonaviy usullari haqida ma’lumotlar berildi va kafedra tomonidan ishlab chiqilgan “Osteoartroz va semizlik – bo‘g‘im kushandasi” mavzusidagi bukletlar tarqatildi.

Uchrashuv davomida mahalla fuqarolori bilan bu mavzu bo‘yicha  fikr almashildi. Tadbir yakunida mahalla raisi va faollari kafedra xodimlariga chuqur minnatdorchilik bildirishdi, kasbiy faoliyatida omad va zafarlar tilab qolishdi.

“Guruchariq” MFY raisi:                                                      Xudoyberganov M.S.   

Kafedra mudiri, t.f.d., professor:                                           Nabiyeva D.A.  

Ustoz – shogird ishlari boʼyicha masʼul:                                Ganiyeva N.A.

Leave a Comment

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.