
Kasalliklarni erta aniqlash va oldini olishda sog‘lom turmush tarzining o‘rni
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1-son fakulteti hamda gospital terapiya, revmatologiya va kasb patologiyasi kafedrasi tashabbusi bilan Olmazor tumani 28-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tadbirda universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha 1-prorektori T.A. Bobomurotov, kafedra mudiri D.A. Nabiyeva, professor-o‘qituvchilar, “Guruchariq” MFY raisi X.A. Xodjixonov, mahalla faollari hamda fuqarolar ishtirok etdi.
Tibbiy ko‘rikda 45 nafar malakali shifokor — terapevt, kardiolog, oftalmolog, ortoped-travmatolog, otorinolaringolog, nevrolog, pediatr, stomatolog, akusher-ginekolog va boshqa mutaxassislar ishtirok etib, zamonaviy diagnostika uskunalari, jumladan ultratovush tekshiruvi, EKG va sayyor laboratoriya orqali tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada 650 nafar o‘quvchi hamda qariyb 100 nafar pedagog va xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan muammolar bo‘yicha dastlabki tashxislar va zarur tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida mahalla aholisi ham ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahatlar berildi. Mazkur tashabbus yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kasalliklarni erta aniqlash va aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir yakunida mahalla faollari va maktab rahbariyati universitet hamda kafedra jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.




